Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sogʻliqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining samarali ijrosini taʼminlash maqsadida Shofirkon tumani Tibbiyot birlashmasida byudjet mablagʻlaridan foydalanilish, qonun hujjatlariga rioya etilishi va tizimda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish masalalari boʻyicha oʻrganish oʻtkazildi.
Xususan, tibbiyot birlashmasida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillar, unga sabab boʻlayotgan shart-sharoitlar, mansabdor shaxslar faoliyati, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilgan choralar, byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya qilinishi tahlil qilindi.
Agentlik tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va prokuratura idoralari tomonidan qoʻshimcha oʻtkazilgan oʻrganishda Birlashma mansabdor shaxslari tomonidan byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarf qilinishi, oʻzlashtirish va talon-toroj qilish holatlari, aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari toʻlab kelinishi, tibbiyot texnikalarini sotib olish, pullik tibbiy xizmat koʻrsatishdan tushgan mablagʻlarning maqsadsiz sarflanishi, shuningdek, davlat xaridlari amalga oshirilishida bir qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Oʻrganish yakuni boʻyicha Birlashma faoliyatida jami 1 mlrd. 273,5 mln. soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan boʻlib, shundan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar uchun 890.5 mln. soʻm hisoblab sarflanganligi natijasida juda koʻp miqdorda smeta-shtat intizomi buzilgan.Bundan tashqari, 383.0 mln. soʻmlik byudjet mablagʻlari turli xil noqonuniy yoʻllar, jumladan, tibbiy uskunalarni qimmat narxlarda xarid qilinish orqali koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlari rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilinganligi maʼlum boʻldi.
Shunga muvofiq, oʻtkazilgan tekshiruvlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Buxoro viloyati Shofirkon tuman boʻlimi tomonidan Shofirkon tumani Tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi, 184-1, 205 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati