Joriy yilning 4-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida ekspertlar ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish Akademiyasi loyihasining muhokamasi tashkil etildi.
Taʼkidlanganidek, Agentlik tomonidan olib borilgan oʻrganishlar va tahlillar natijasida aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini oshirishga ehtiyoj boʻlsa-da, ushbu yoʻnalishda yagona tizimli yondashuv yoki platforma mavjud emasligi maʼlum boʻldi.
Shu bois 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat Dasturining 84-maqsad, 305-bandida Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasini tashkil etish orqali sohaga doir huquqiy bilim va ongni yuksaltirish boʻyicha keng qamrovli tizimni joriy qilish vazifasi yuklatildi.
Tadbir davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish Akademiyasi loyihasining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Maxsus oʻquv platformasida korrupsiya tushunchasi va uning ijtimoiy oqibatlari, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik kayfiyatini shakllantiruvchi oʻquv metodik qoʻllanmalar, ilmiy faoliyat natijalari, korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslarni oʻzida aks ettirgan tele-, video-, audio-, kino mahsulotlari va multiplikatsion roliklar bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.
Akademiya loyihasi Yaponiyaning nufuzli universitetlarida tahsil olib qaytgan ekspertlar ishtirokida atroflicha muhokama etildi.
Vazirlik va idoralar, bank tizimi, iqtisodiyot hamda mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan ekspertlar Akademiyaning davlat xizmatiga ishga qabul qilish va lavozimdan lavozimga oʻtish hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi boshqa omillarning oldini olishga xizmat qilishini eʼtirof etgan holda xorij tajribasi asosida loyihani yanada takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirishdi.
Yigʻilish yakunida korrupsiyaning oldini olishda ekspertlik salohiyatidan yanada kengroq foydalanishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati