Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mahalliy hokimliklarda korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillar, unga sabab boʻlayotgan shart-sharoitlar, mansabdor shaxslar faoliyati, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilgan choralar, byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya qilinishi boʻyicha doimiy oʻrganishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi “Navoiy viloyatining olis choʻl tumanlarida aholini turmush darajasini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2925-sonli qarori talablarining ijrosi boʻyicha viloyatning Uchquduq tumanida oʻrganish oʻtkazildi.
Maʼlumki, mazkur Qarorda olis choʻl hududida kamida uch yildan ortiq yashagan shaxslar oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida qabul qilinishi belgilangan.
Oʻrganishlar mobaynida esa Uchquduq tuman hokimining sobiq oʻrinbosari va boshqalar choʻl hududida joylashgan “Yoʻlchilar”, “Koʻkpatas” va “Koʻkayaz” MFYlarida uch yil davomida yashamagan 33 nafar shaxsga ularning ushbu muddatda qayd etilgan mahallalarda yashaganligi toʻgʻrisida soxta dalolatnomalar rasmiylashtirib berib, shundan 25 nafarini oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga kirishiga sababchi boʻlganligi aniqlandi.
Natijada davlat va fuqarolarning huquqlari, qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan. Shuningdek, ushbu talabalarning grant asosida oʻqishi uchun amalda 650 mln. soʻm byudjet mablagʻlarining sarflanishiga sababchi boʻlib, davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilgan.
Agentlik tomonidan mazkur holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar hamda prokuratura idoralari oʻtkazgan qoʻshimcha oʻrganishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturaci tomonidan Uchquduq tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati