Xabar berganimizdek, bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida Jamoatchilik kengashi oldidagi hisobotiga bagʻishlangan matbuot ajumani boʻlib oʻtdi. Unda Agentlik rahbariyati, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi va Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hududiy kengashlar aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari, blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov Agentlikning 2021-yildagi faoliyati natijalari xususida atroflicha maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, oʻtgan yili Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, xususan, korrupsiyaning oldini olish va ushbu jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini taʼminlash boʻyicha bir qator muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6257-son Farmoni imzolandi. Unga koʻra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilib, jinoiy jazoni oʻtashda yengillashtiruvchi normalar qoʻllanilishiga cheklovlar oʻrnatilishi belgilandi.
2021-yil 16-iyunda “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6247-son Farmon bilan har bir muassasaning bajargan va bajarmoqchi boʻlgan ishlari, moliyaviy holati, tasarrufidagi mol-mulklari, umuman, soliq toʻlovchilar bilishi lozim boʻlgan barcha maʼlumotlarni ochiqlash talabi qoʻyildi.
Shuningdek, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muhim yangiliklar kiritildi: 2022-yilning 1-yanvardan boshlab, barcha davlat xaridlari (eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish) tartib-taomillarini majburiy tartibda elektron shaklda oʻtkazilishi joriy qilindi. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan subyektlarning davlat xaridlarida ishtirok etishini cheklash muddati uch yildan ikki yilgacha qisqartirildi.
Matbuot anjumanida korrupsiyaga oid jinoyatlar tahliliga oid maʼlumotlarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Qayd etilganidek, 2021-yilda Respublika boʻyicha jami 5483 nafar shaxsga nisbatan 3769 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishlari koʻrib chiqish uchun tegishli tartibda sudlarga yuborilgan. 2020-yil bilan taqqoslaganda sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni 2621 taga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 3 760 taga yoki 218 foizga koʻpaygan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2020-yilda 500 mlrd. 102 mln soʻmlik moddiy zarar yetkazilib, 355 mlrd soʻm yoki 71,0 foiz undirilgan boʻlsa, 2021-yildagi moddiy zarar miqdori 1 trln. 282 mlrd.ni tashkil etib, 887 mlrd. soʻmi yoki 69,1 foizi undirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021-yilda jami 4901 ta (493 tasi dublikat) murojaat kelib tushgan boʻlib, barcha murojaatlar belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi taʼminlangan. Shundan 107 ta murojaat Agentlik rahbariyati tomonidan tashkil etilgan shaxsiy va sayyor qabullarda kelib tushgan.
Murojaatlarning 258 tasi ijobiy hal etilgan, 1163 ta murojaatga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berish orqali qanoatlantirilgan, 2 ta tashakkurnoma, 2 ta murojaat fuqaroning arizasiga asosan koʻrmasdan qoldirilgan, 117 ta murojaat anonim deb topilgan, 43 ta murojaat maʼlumot uchun qabul qilingan, 158 ta takroriy murojaat koʻrib chiqilishi belgilangan tartibda tugatilgan, 3158 ta murojaat taalluqliligi boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga yoʻnaltirilgan.
2021-yilda Agentlik tomonidan “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlar va sohalar kesimida 50 dan ortiq oʻrganishlar oʻtkazildi. Shuningdek, qurilish sohasidagi jami 461,3 mlrd. soʻmlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish obyektlarida oʻrganish oʻtkazildi.
Aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinishi orqali jami 49 ta jinoyat ishi va 24 ta maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish qoʻzgʻatilishi taʼminlandi.
Davlat xaridlari sohasida 2021-yilda oʻtkazilgan masofaviy monitoringda byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 145,3 mlrd soʻmlik 452 ta tanlovda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunlarning talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlanib, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilishga qaratilgan 372 ta taqdimnoma kiritildi va tanlovlar bekor qilinib, byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi 5177-son Qaroriga muvofiq, Agentlik davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etish va ularning samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash vazifasini amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunga kelib, 88 ta davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari joriy etilgan boʻlsa, 52 tasida toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan.
Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi va korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tashkil etishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan 34 ta taqdimnoma kiritilgan.
Agentlik mahalliy davlat hokimliklari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida joylashtirib borilishiga oid majburiyatlarga rioya qilinishini oʻrganib, tahlil qildi.
Ana shunday oʻrganishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyat hokimliklari tomonidan mahalliy byudjet mablagʻlarining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan holda qisman ochiqlanishi taʼminlangan boʻlsa, Toshkent, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari mazkur majburiyatlarni umuman bajarmaganligi aniqlangan.
Ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning belgilangan tartibda ochiqlanishini taʼminlamagan 13 ta viloyat hokimliklari qonunbuzilishi holatlarini bartaraf qilish haqida rasman ogohlantirilgan.
Agentlik tomonidan 2021-yil davomida hamkorlikka oid 10 ta xalqaro hujjat (memorandum, hamkorlik dasturlari) imzolandi.
Jumladan, Agentlik hamda BMTning Giyohvand moddalar va Jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi oʻrtasida hamkorlikda amalga oshiradigan tadbirlar Rejasi doirasida Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini shakllantirish metodologiyasini ishlab chiqish, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan xalqaro ekspertlar koʻmagini jalb etish, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ijtimoiy tadqiqotlarni tashkil etish yuzasidan treninglar tashkil etish va shu kabi boshqa loyihalarda hamkorlik amalga oshirildi.
Matbuot anjumanida kapital qurilish sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.
Taʼkidlandiki, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishlab chiqildi va 2021-yil 1-yanvardan real vaqt rejimida respublikaning barcha hududlarida toʻliq ishga tushirildi. Bundan tashqari, qurilish sohasida oʻtkaziladigan davlat xaridlarida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida qurilish sohasidagi tanlov(tender)lar oʻtkazish uchun “tender.mc.uz” elektron portali yaratildi.
Mazkur platforma yordamida 2021-yil davomida 15,45 trln. soʻmlik tenderlar oʻtkazilib, qurilish-pudrat tashkilotlari bilan 14,26 trln. soʻmlik shartnomalar tuzildi va loyihalarning boshlangʻich qiymatiga nisbatan 1,19 mlrd soʻm yoki 8 foiz byudjet mablagʻlari iqtisod qilindi.
Tadbir doirasida Agentlik bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan OAV vakillari hamda Jamoatchilik kengashi aʼzolari Agentlik rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirildi.
Yakunda Agentlikning 2021-yildagi faoliyati natijalari yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati