Joriy yilning 10-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Agentlik rahbariyati, masʼul tarmoqlar boshliqlari va jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirok etdi.
Yigʻilishda dastlab Agentlik direktori Akmal Burxanov Agentlikning 2021-yildagi faoliyati natijalari xususida kengash aʼzolariga axborot berdi.
Taʼkidlanganidek, Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash,korrupsiyani aniqlash va keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish, “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalarini amalga oshirish, davlat idoralarining ochiqligini taʼminlash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi yoʻnalishlarda faoliyat olib borildi.
Shundan soʻng jamoatchilik kengashining 2022-yildagi faoliyat yoʻnalishlari aks etgan ish reja loyihasi muhokama etildi.
Ish reja loyihasidan oʻrin olgan normativ-huquqiy hujjatlarga takliflar tayyorlash, davlat idoralarining ochiq maʼlumotlarni joylab borishi ustidan monitoring olib borish, “Korrupsiyasiz soha” loyihalarini amalga oshirilishi boʻyicha jamoatchilik nazoratini oʻrnatish kabi vazifalar kengash aʼzolarining ushbu jarayonga yanada faolroq jalb etilishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Shu bilan birga kengash aʼzolari ish rejani takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirishdi.
Yigʻilish yakunida koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati