Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PF-6110-son Farmonning 11-bandi muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda sogʻliqni saqlash tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish belgilangan.
Mazkur loyiha doirasida Agentlik vazirlik bilan birgalikda davolash profilaktika muassasalarida bepul va pullik tibbiy xizmat koʻrsatilishi, tibbiyot muassasalarining joriy holati, dori vositalari va tibbiy anjomlar bilan taʼminlanganligi kabi qator masalalar yuzasidan joyiga chiqqan holda oʻrganish ishlari tashkil etib kelmoqda.
Jumladan, joriy yilning fevral oyida tizimda «Korrupsiyasiz soha» loyihasining ijrosi Buxoro viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasida kadrlar siyosatining qanchalik toʻgʻri tashkil etilganligi bilan bogʻliq holda oʻrganildi va ushbu yoʻnalishda quyidagi muammo va kamchiliklar aniqlandi:
Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi va uning tarkibidagi muassasalarda jami 40,163 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritayotgan boʻlib, undan 2020-2021-yillarda 1 984 nafar soha xodimiga nisbatan turli shakldagi qonunbuzilishi va korrupsiyaviy holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvlari oʻtkazilgan.
Shuningdek, kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmagan va sustkashlikka yoʻl qoʻygan 2 575 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shu muddat oraligʻida 2 651 nafar tibbiyot xodimlari intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Tahlillarga koʻra, viloyat sogʻliqni saqlash tizimida kadrlar siyosatining toʻgʻri tashkil etilmaganligi, bunda ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va rotatsiya qilish jarayonida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan aniq me’yorlarning joriy etilmaganligi korrupsion holatlarni vujudga keltiruvchi asosiy omillardan biri boʻlib qolmoqda.
Jumladan, viloyat sogʻliqni saqlash tizimidagi kadrlarning ishlash davomiyligi oʻrganilganda 39 ta tibbiyot muassasasidagi kadrlar boʻlimiga masʼul shaxslarning 22 nafari (67 %) lavozimga tayinlanganligiga 6 yildan oshgan boʻlib, shundan 7 nafari 25-27-yil, 4 nafari 10-20-yil, 11 nafari esa 5-10-yildan buyon ayni bir rahbarlik lavozimida ishlab kelmoqda.
Bunday holatni viloyat tibbiyot muassasalari boshliqlari kesimida ham koʻrish mumkin. Yaʼni, ulardan 4 nafari 10-20-yilgacha boʻlgan muddatda, 3 nafari 10-yildan buyon faoliyat koʻrsatmoqda.
Viloyatda tibbiyot muassasalari xodimlari tomonidan 2020-yilda 12 ta, 2021-yilda 16 ta holatda pora evaziga ishga qoʻyish uchun taʼmagirlik jinoyatlari sodir etilgan.
Masalan, Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasida kadrlar boʻlimi mansabdori 1998-yildan (23-yildan) buyon ishlab kelayotgan boʻlib, ushbu mansabdor tomondan 2020 va 2021-yillarda birlashmada taʼmagirlik evaziga ishga joylashtirish bilan bogʻliq 2 ta jinoyat sodir etilgan.
Yoki Viloyat teri tanosil kasalliklari dispanserida kadrlar boʻlimi boshligʻi 1994-yildan (27-yildan) beri ishlab kelayotgan boʻlib, ushbu muassasada ham taʼmagirlik evaziga ishga joylashtirish bilan bogʻliq 2 ta jinoyat sodir etilgan.
Tizimda oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlarning maqsadli tayyorlash tizimi toʻgʻri prognozlashtirilmagani viloyatda xodimlarni ishga qabul qilinishi mavjud shtat birliklariga nisbatan nomutanosib tarzda shakllanishiga olib kelgan. Viloyatda birgina 2020-yilda tibbiyot texnikumlarini 1 391 nafar oʻquvchi bitirgan boʻlib, ularning atigi 194 nafari (14%) tibbiyot muassasalariga ishga joylashgan.
Kadrlar siyosatida korrupiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillardan yana biri aksariyat tibbiyot muassasalarida mehnat qonuchiligi talablariga zid ravishda yaqin qarindosh-urugʻlarning oʻzaro boʻysunuv asosida xizmat qilib kelayotganligidir. Jumladan, 493 ta holatda tibbiyot muassasada oʻzaro qarindoshlar faoliyat yuritayotgan boʻlsa, shundan 214 ta holatda muassasa rahbariyatiga bevosita boʻysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qilayotganligi maʼlum boʻldi.
Misol uchun, viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanserida 18 nafar oʻzaro qarindoshlar birgalikda ishlab kelmoqda. Bu kabi holatlar deyarli barcha tibbiyot muassasalarida kuzatilmoqda.
Yuzaga kelayotgan korrupsion holatlar tibbiyot muassasalarida boʻsh ish oʻrinlari (vakansiya)ni ochiqlamaslik, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida keng jamoatchilikka yetkazmaslik bilan ham bogʻliqdir.
Jumladan, 2020-2021-yillarda tizimda boʻsh ish oʻrinlarini yashirish bilan bogʻliq 33 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Birgina oʻtgan yilda tibbiyot muassasalarida ishga olish bilan bogʻiq 13 ta jinoyat sodir qilingan. Tahlil qilinganda 7 ta holatda muassasada aslida boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan.
Buxoro shahridagi 3-sonli poliklinika kadrlar boʻyicha katta inspektori lavozimida faoliyat yuritgan xodim 2021-yil oktyabr oyida fuqaroni hamshira vazifasiga ishga qabul qilish evaziga 600 AQSH dollari pora olgan vaqtda ushlangan. Vaholanki, jinoyat sodir boʻlgan paytda ushbu muassasada 2 nafar oʻrta tibbiy xodim tugʻruq va bola parvarishlash taʼtiliga chiqayotganligi hisobiga boʻsh ish oʻrni boʻlgan.
Aytish lozimki, sogʻliqni saqlash sohasida yuzaga kelatyogan bu kabi tizimli muammolar nafaqat birgina viloyat, balki aynan respublika miqyosida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi asosiy omillar sifatida saqlanib qolmoqda.
Shunga muvofiq, sogʻliqni saqlash tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida tizimdagi barcha muassasalar kesimida boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumotlarni aks ettiruvchi alohida boʻlim ochish va har oy yakuni boʻyicha bu haqdagi maʼlumotlarni kiritib borish;
Boʻsh ish oʻrnini qidirayotgan fuqaro buni real vaqt rejimida amalga oshirishini inobatga olib, qayd etilgan taklifni onlayn kiritib borish tartibini joriy etish;
2. Tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish jarayonidagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va xodimlarni ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida oʻtkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmogʻi orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etishga oid aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish;
3. Sogʻliqni saqlash sohasida korrupsiya xavf-xatari yuqori boʻlgan yoʻnalishlarni aniqlash maqsadida respublika va hududiy tibbiyot muassasalari kesimida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
Tadqiqot natijalari asosida korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan
soha, vazifa va lavozimlar roʻyxatini shakllantirish hamda korrupsiyaga qarshi idoraviy chora-tadbirlarni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash;
4. Sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv menejment tizimini joriy etish;
Bunda vazirlik tizimidagi tibbiyot muassasalari birinchi rahbarligi uchun “Bosh menejer” lavozimini bosqichma-bosqich joriy etish va ushbu lavozimga asosiy faoliyati professional boshqaruv boʻlgan kadrlarni jalb etish, shuningdek, Bosh shifokor lavozimini ham saqlab qolgan holda
“Bosh menejer oʻrinbosari-davolash ishlari boʻyicha bosh shifokor” lavozimini joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
5. Sohada elektron tibbiy xizmat koʻrsatishni birlamchi vazifa deb belgilash va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishning barcha bosqichida inson omilini qisqartirish, elektron koʻrsatiladigan xizmatlar sonini koʻpaytirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish;
6. Tibbiyot sohasida byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishi, oʻzlashtirilishi yoki talon-toroj etilishiga nisbatan kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida barcha tibbiyot muassasalarini moliyalashtirishda aholi jon boshiga moliyalashtirish tizimini joriy etish.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati