Joriy yilning 7-aprel kuni Agentlik rahbariyati Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Oʻzbekiston boʻyicha missiyasi rahbari R.Roden boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Maʼlumot uchun: Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi (XVJ) 190 mamlakatni oʻz ichiga olgan tashkilot boʻlib, global valyuta hamkorligini mustahkamlash, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, xalqaro savdoni takomillashtirish, bandlik va barqaror iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashishga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi XVJga 1992-yil 21-sentyabrda aʼzo boʻlgan.
Uchrashuvni Agentlik direktori A.Burxanov ochib berib, Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi soʻnggi islohotlar, shu jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi” Qonunga kiritilgan oʻzgarishlar va Agentlikka yuklatilgan qoʻshimcha vakolatlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturi doirasidagi vazifa va funksiyalar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini takomillashtirishga qaratilgan qator maqsad va vazifalar tanishtirib oʻtildi.
Shuningdek, davlat xaridlari sohasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, Agentlik tomonidan qurilish, bank va sogʻliqni saqlash sohalarida “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalarining amalga oshirilishi hamda davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishining holati yuzasidan maʼlumot berildi.
Oʻz oʻrnida, xalqaro tashkilot vakillari tomonidan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining shakllanishi hamda bu borada qoʻllanilayotgan keskin chora-tadbirlar va oʻzgarishlarga yuqori baho berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati