Joriy yilning 14-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati AQSH Davlat departamentining Xalqaro narkotik moddalar va huquqni muhofaza qilish ishlari boʻyicha byurosi (INL) katta maslahatchisi Dj.Kallaxanni qabul qildi.
Maʼlumot uchun: Xalqaro narkotik moddalar va huquqni muhofaza qilish ishlari boʻyicha byurosi (INL) AQSH Davlat departamenti tuzilmasi hisoblanib, xalqaro narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash siyosati va dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha hamkor davlat xavfsizlik kuchlarini tayyorlashda muhim rol oʻynaydi.
Shuningdek, 2021-yilning dekabr oyida AQSHda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy strategiya qabul qilingan edi. Mazkur Strategiya korrupsiyaning transmilliy oʻlchovlarini yaxshiroq tushunish va ularga javob berishga, shu jumladan, korrupsiya subyektlarining aktivlarni yashirish va noqonuniy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish uchun AQSH va xalqaro moliyaviy tizimlardan foydalanish imkoniyatlarini kamaytirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishga qaratilgan.
Muloqotlar davomida tomonlar har ikki davlatning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatidagi tendensiyalar yuzasidan maʼlumot almashdilar. Xususan, Agentlik tomonidan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirishga oid davlat dasturi, qolaversa bu borada qabul qilingan soʻnggi me’yoriy hujjatlar bilan tanishtirib oʻtildi. Oʻz navbatida, amerikalik hamkasblar AQSHda koʻrilayotgan choralar, jumladan, Strategiya haqidagi yangiliklar bilan oʻrtoqlashdilar.
Shuningdek, uchrashuvda Agentlik tomonidan Virtual Akademiyani tashkil etishda texnik koʻmak koʻrsatish, Oʻzbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish Mintaqaviy markaz (Xab) faoliyatini yoʻlga qoʻyishda yaqindan hamkorlik qilish takliflari ilgari surildi.
Bundan tashqari, Agentlik xodimlari va davlat xizmatchilarining malakasi va salohiyatini oshirish maqsadida xorijda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish hamda Oʻzbekiston delegatsiyasining AQSHga xizmat safarini amalga oshirish, oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash, qoʻshma tadbirlar va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati