Joriy yilning 20 aprelidan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi delegatsiyaning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi boshlandi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - AQSHning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
Tashrifning dastlabki kuni delegatsiya a’zolari Massachusets shtati McDermott Will & Emery yuridik firmasi hamkori Robert Kordi hamda AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar tergovi jarayonlarini nazorat qilish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar - Sara Uolters va Mark Shreyber bilan uchrashdi.
Aytish joizki, McDermott Will & Emery Qo‘shma Shtatlardagi va butun dunyo bo‘ylab ko‘p qirrali biznes amaliyotiga ega eng yirik xalqaro yuridik firmalardan biri bo‘lib, uning advokatlari davlat va xususiy sektor, sanoat va moliyaviy biznesning keng doirasi manfaatlarini ifodalaydi.
Ma’lumot uchun: R.Kordi 16 yil davomida Massachusets Oliy sudi sudyasi sifatida faoliyat yuritgan. U, shuningdek, Massachusets jamoat himoyachilari idorasida, keyinchalik Massachusets daromadlar departamentida, Massachusets axloq komissiyasida hamda AQSH prokuraturasida yuqori lavozimlarni egallagan va bir muddat Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.
S.Uoltersning prokuror sifatidagi faoliyati turli moliyaviy jinoyatlarni, jumladan, xorijiy korrupsiya amaliyotlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, bozorni manipulyatsiya qilish, investitsiya maslahatchilarining firibgarligi, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi keng ko‘lamli moliyaviy jinoyatlarni qamrab olgan.
M.Shreyber faoliyati davlat mansabdor shaxslarining murakkab jinoiy ishlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sog‘liqni saqlash, qimmatli qog‘ozlar va soliqqa oid firibgarlik, shuningdek, davlat xaridlari bilan bog‘liq yuzaga keladigan muammolarni tergov qilish va sudda ko‘rish bo‘yicha yuqori salohiyat va boy tajribaga ega.
Uchrashuvda mezbonlar tomonidan korrupsiyaga oid ishlarni ko‘rib chiqishning xususiyatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va korrupsiyaga oid tergov ishlarini nazorat qilish xususida foydali ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, muloqot davomida tomonlar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sonini kamaytirishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar sifatida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, korrupsiyaga qarshi kurashda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan samarali choralar, shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Tashrif tafsilotlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati