Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiya “The Boston Globe” nashri muharriri Reychel Koyen bilan uchrashdi.
Maʼlumki, “The Boston Globe” nashri oʻz sahifalarida korrupsiya holatlari boʻyicha maqolalar chop etadi, ayni yoʻnalishda jurnalistik surishtiruvlar oʻtkazadi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiya faktlarini oshkor qilish toʻgʻrisidagi muhim maʼlumotlarni eʼlon qilib boradi.
Mazkur uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad korrupsiyaning oldini olish, uni fosh etishda matbuot va ommaviy axborot vositalarining rolini muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Delegatsiya aʼzolari ushbu nufuzli nashrning korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini keng yoritish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish borasidagi faol tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.
Muloqot mobaynida ochiqlik va shaffoflik, faol jamoatchilik nazorati korrupsiyaning oldini olishda eng samarali vositalaridan biri ekani qayd etildi. Xususan, amerikalik jurnalistlar tomonidan oʻz tajribalari misolida davlat amaldorlari bilan ishlash, korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida jurnalistik surishtiruv olib borish va bu jarayonda fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlik masalalari xususida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, delegatsiya aʼzolari mamlakatimizda korrupsiya faktlarini fosh etishda matbuot va ommaviy axborot vositalarining oʻrni, davlat organlari faoliyatining jamoatchilik oldida oshkoraligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida toʻxtalib oʻtdilar.
Jumladan,Oʻzbekistonda davlat boshqaruviga ochiqlikni joriy etish, xususan, axborotdan umumfoydalanish uchun Internet tarmogʻiga joylashtirish, maʼlumotlarning oshkoralik va sifat darajasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish kabi masalalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi.
Muloqot yakunida jurnalistlarning malakasini oshirish, ularning korrupsiya holatlarini yoritishdagi faolligi hamda salohiyatini kuchaytirish, jurnalistik surishtiruvlarni oʻtkazish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama etilib, bu borada AQSH vakillari tomonidan Oʻzbekistonda maxsus oʻquv seminarlarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati