Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturi ekspertlari hamkorligida Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiyaning yangi loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Maʼlumot uchun: 2021-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan milliy strategiya loyihasi ishlab chiqilgan. Mazkur loyihadagi asosiy yoʻnalishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi Farmoni bilan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan Davlat dasturida oʻz aksini topgan.
Loyihada korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha uzoq muddatli siyosat, asosiy soha va yoʻnalishlar, monitoring mexanizmlari va kutilayotgan natijalarni har tomonlama qamrab olish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillarini jalb etgan holda muhokamalar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Ayni shu maqsadga qaratilgan muloqotlarning dastlabkisi bugun, joriy yilning 27-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan idoralar vakillari hamda BMTning Taraqqiyot Dasturi ekspertlari ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Milliy strategiya korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi asosiy ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi, bu boradagi harakatlarni birlashtiruvchi va muvofiqlashtiruvchi hujjat hisoblanishi alohida taʼkidlandi.
Shunga koʻra, ishtirokchilar unda qamrab olinishi lozim boʻlgan bir qator muhim masalalar, jumladan, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha mamlakatdagi joriy holat, yaqin va oʻrta istiqboldagi asosiy ustuvor vazifalar, davlat siyosatining kelgusidagi asosiy yoʻnalishlari, muammoli munosabatlar va bu borada qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.
Milliy strategiya loyihasi yuzasidan navbatdagi muhokamalar joriy yilning 28-aprel kuni akademik doira vakillari, nodavlat tashkilotlar hamda jurnalist va blogerlar ishtirokida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati