Xabaringiz bor, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joylarda “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash” mavzusida seminar oʻtkazib kelinmoqda.
Ushbu tadbir orqali davlatimiz rahbarining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-son Farmoni ijrosini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash maqsad qilingan.
Mazkur mavzudagi seminar joriy yilning 28-aprel kuni Andijon viloyati, bugun esa Namangan viloyati hokimligida faoliyat ochiqligini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan mutaxassislari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari ishtirokida tashkil etildi.
Seminarda Farmon talablaridan kelib chiqib, viloyat, tuman va shahar hokimliklarining rasmiy veb-saytlari, Ochiq maʼlumotlar portalida ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning joylashtirilishida uchrayotgan nuqsonlar, sustkashliklar atroflicha tahlil qilindi.
Oʻrganishlarga koʻra, Andijon viloyatida davlat xaridlari, xizmat safarlari, xizmat avtotrasport va xizmat uylari, jamoatchilik kengashi aʼzolari faoliyati va shu kabi boshqa ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar viloyat, tuman va shahar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida talab darajasida ochiqlanmay kelmoqda.
Shuningdek, Buloqboshi, Boʻston, Shahrixon va boshqa tuman hokimliklarinig rasmiy veb-saytlari ishchi holatda emas.
Namangan viloyatida ham Ochiq maʼlumotlar portali hamda viloyat hokimligi saytida fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish natijalari, shuningdek, davlat xaridlari, xizmat safarlari, xizmat avtotrasport va xizmat uylari kabi ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar 2022-yil I-choragi uchun hanuzgacha joylashtirilmagan.
Seminarda shu kabi xato va kamchiliklar muhokama qilinib, Agentlik xodimlari tomonidan ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlariga rioya etish, maʼlumotlarni belgilangan resurslarda oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli joylashtirish boʻyicha ishtirokchilarga tushuntirish berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati