Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2022-yil mart oyida davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari maxsus axborot portalida oʻtkazilgan xaridlar tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, joriy yilning mart oyi davomida qiymati 2 972,2 mlrd. soʻmlik 71 490 ta davlat xaridlari amalga oshirilgan boʻlib, shundan 2 462,2 mlrd. soʻmlik 33 834 ta xaridlar elektron doʻkon, 251,3 mlrd. soʻmlik 33 319 ta toʻgʻridan-toʻgʻri, 44,9 mlrd. soʻmlik 3162 ta eng yaxshi taklifni tanlash, 213,8 mlrd. soʻmlik 1175 ta xaridlar auksion shaklida oʻtkazilgan.
Agentlik tomonidan 2022-yil aprel oyida oʻtkazilgan masofaviy monitoring davomida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi.
Jumladan, oʻrganish davrida 4 ta holatda qiymati 2,6 mlrd soʻmlik xaridlar boʻyicha byudjet buyurtmachilari, 4 ta holatda qiymati 159,1 mlrd. soʻmlik xaridlar boʻyicha korporativ byurtmachilar tomonidan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilgan boʻlib, ushbu buyurtmachilarga jami 8 ta taqdimnoma kiritildi.
Kiritilgan taqdimnomalar asosida 3 ta buyurtmachi tomonidan xaridlar bekor qilindi va buning natijasida 2,1 mlrd. soʻmlik noqonuniy davlat xaridlarining oldi olindi, hozirda 5 ta taqdimnoma buyurtmachilar tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Misol uchun, “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki buyurtmachi asosida “2022-yil uchun xorijiy gazeta va jurnallarga obuna boʻlish” boʻyicha “etender.uzex.uz” maxsus axborot portali orqali oʻtkazilgan qiymati 149 mln. soʻmlik davlat xaridi oʻrganilgan.
Oʻrganishda buyurtmachi tomonidan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida” Qonuni va Adliya vazirligidan 3016-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda belgilangan xarid komissiyasi aʼzolari tomonidan baholash mezonlariga amal qilish talablari buzilganligi aniqlangan.
Mazkur holat boʻyicha buyurtmachi “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankiga 2022-yil 20-aprelda taqdimnoma kiritilib, ushbu davlat xaridi bekor qilindi.
Shu kabi Urgut tumani Tibbiyot birlashmasi buyurtmasi asosida maxsus axborot portaliga 1,37 mlrd. soʻmlik issiq ovqatlarni autsorsing xizmatlari orqali yetkazib berish boʻyicha davlat xaridlari oʻrganildi.
Oʻrganishda buyurtmachi “Davlat xaridalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10, 14, 19 va 42-moddalari hamda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning talablari buzilgan holda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgani, yaʼni gʻolib boʻlgan jamiyat komissiya aʼzosiga tegishli ekanligi aniqlandi.
Mazkur holat boʻyicha buyurtmachi Urgut tumani Tibbiyot birlashmasiga 2022-yil 19-aprelda taqdimnoma kiritilib, ushbu davlat xaridi bekor qilindi.
Shuningdek, komissiya aʼzosi manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygani holati boʻyicha maʼmuriy javobgarlik masalasini hal qilish uchun toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.
Bundan tashqari, Agentlik soʻrovnomasiga asosan 1 ta holatda prokuratura organlari tomonidan masʼul shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati