Davlatimiz rahbarining joriy yil 27-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida bojxona organlarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirishga qartilgan bir qator ustuvor maqsad-vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, Farmon bilan bojxona organi xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, odob-ahloq qoidalari va IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqitish reja-jadvali tasdiqlandi va unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur oʻquv kurslarini tashkil etish va oʻtkazishga masʼul davlat organlaridan biri sifatida qayd etildi.
Farmon ijrosi yuzasidan joriy yilning 11-may kuni Agentlik masʼul xodimlari ishtirokida Milliy kinologiya markazida sayyor oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.
Unda markaz xodimlari hamda tinglovchilariga Farmondan oʻrin olgan maqsad-vazifalar, xususan, bojxona tizimida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar va ulardan kutilayotgan natijalar xususida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi joriy etilayotgan mexanizmlar va qonunchilikdagi yangiliklar toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Davlat xizmatida halollikni taʼminlash masalasi ham ishtirokchilarning eʼtibor markazida boʻldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati