Joriy yilning 11-may kuni Toshkent viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati, Milliy kengash aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda Hududiy kengash aʼzolari ishtirok etdi.
Yigʻilishda Kadastr agentligi va uning quyi tashkilotlarida uchrayotgan korrupsiyaviy jinoyatlar tahlili, shuningdek, ushbu tizimda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan masʼullarning axboroti eshitildi.
Qayd etilishicha, oʻtgan davr mobaynida kadastr tizimini yanada shaffoflashtirish, raqamlashtirish, byurokratiyadan xoli qilish, kadrlarni oʻqitish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilganiga qaramay, Toshkent viloyatida ushbu yoʻnalishda sodir etilgan jinoyatlarning salmogʻi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, 2022-yilning I-choragi davomida 4 ta jinoyat ishi boʻyicha 15 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, sudlarga yuborilgan. Ushbu jinoyatlarning asosiy qismi yer ajratib berish bilan bogʻliq holatlarda yuzaga kelmoqda.
Eshituvda shu va shu kabi qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining faoliyati ham tanqidiy tahlil qilindi.
Agentlik tomonidan har oyda viloyatlar miqyosida jinoyatchilik statistikasi, byudjet mablagʻlarining talon-taroj qilinishi, aholi murojaatlari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar kabi maʼlumotlar umumlashtirilgan holda hududlar va sohalar kesimida korrupsiya darajasini reyting baholash ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Yigʻilishda shu haqda soʻz yuritilar ekan, ushbu yoʻnalishlarda ham viloyatning aksariyat koʻrsatkichlari qoniqarli emasligi qayd etildi.
Xususan, birgina 2022-yilning oxirgi uch oyi (fevral-aprel) davomida viloyatda 117 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgani, 69 ta nazorat obyektida 17,6 mlrd. soʻmlik moliyaviy qonunbuzilishi holatlari aniqlangani taʼkidlandi.
Muloqotlar davomida kengash faoliyatida monitoring va nazorat tadbirlarini oʻtkazish, eshituvlar tashkil etish kabi instrumentlardan samarali foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan barcha normativ hujjatlar, dasturlar, belgilangan vazifalarning ijrosini samarali va oʻz vaqtida taʼminlash yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Eshituv yakunida Kengash aʼzolari masʼuliyatini oshirish boʻyicha aniq choralar koʻrish, shuningdek, kadastr tizimini takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, asosiy vazifalar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati