“Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida talon-torojlik, manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining oldi olindi
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari davlat organlari va tаshkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning ijobiy natijasiga faol hissa qoʻshmoqda. Buni “Oʻzkimyosanoat” AJda mazkur yangi tuzilmaning joriy yil I-choragi davomidagi faoliyati sarhisobi misolida ham koʻrish mumkin.
Xususan, oʻtgan davr mobaynida AJ va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga doir 10 dan ortiq ichki me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Aksiyadorlik jamiyati hamda uning tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati” talablariga muvofiq toʻldirilgan deklaratsiyalar tahlil qilinganda 18 nafar masʼul xodimda manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi maʼlum boʻldi.
Jumladan, “Maxam-Chirchiq” AJda 7 ta, “Navoiyazot” AJda 5 ta, “Fargʻonazot” AJda 4 ta, “Dehqonobod Kaliy Zavodi” AJda 1 ta holatda oʻzaro yaqin qarindoshlar bevosita qoʻl ostida yoki rahbarligida ishlashi aniqlangan boʻlib, mazkur holatlarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarida qonunbuzilish holatlarini oʻrganish maqsadida oʻtkazilgan jami 18 ta xizmat surishtiruvi natijasida 6 nafar masʼul xodimga hayfsan berildi, 4 nafarining ish haqidan jarima undirildi, 8 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 7 ta holat boʻyicha qonuniy chora koʻrish uchun huquq tartibot organlariga yuborildi.
Hisobot davrida tizim korxonalarida jami 1,6 mlrd soʻmlik tovar moddiy boyliklari kamomadi aniqlangan boʻlib, holatlar boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eʼtiborga molik jihati shundaki, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilgan tushuntirish ishlari va tadbirlar natijasida bir qator korrupsion xavf-xatarlarga nisbatan tegishli taʼsir choralari koʻrilishi taʼminlandi.
Misol uchun, “Dehqonobod Kaliy zavodi” AJda 0,5 Ga yerni vaqtincha foydalanishga berishda manfaatlar toʻqnashuvi hamda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga zid boʻlgan bitim tuzilishining oldi olindi.
Bundan tashqari, tizim korxonalarida jami 584,3 mln soʻmlik tovar moddiy boyliklari talon-toroj qilinishining oldi olinib, aybdor shaxslarga ichki tartib-qoidalar asosida intizomiy choralar koʻrildi.
“Maksam Chirchiq” AJ va “Oʻzkimyoimpeks” MCHJda xaridlarning ochiqligi va shaffofligi taʼminlanishi natijasida jami 974,0 mln soʻm mablagʻ iqtisod qilinganligini ham alohida taʼkidlash joiz.
Bugungi kunda Oʻzkimyosanoat”AJ va uning tarmoq korxonalarida aniqlangan korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun “Antikorrupsion nazorat” nomli @uzkimyosanoatanticorbot “Telegram-bot” kanali ishga tushirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati