Joriy yilning 17-may kuni Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetida "Korrupsiyasiz soha" mavzusida muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda respublika oliy taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan “Korrupsiyasiz soha” loyihasi ijrosi haqida soʻz bordi.
Xususan, oliy taʼlim muassasalarida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillar, unga sabab boʻlayotgan shart-sharoitlar, mablagʻlardan foydalanish va davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya etilishi Agentlik tomonidan oʻrganib kelinayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda oliy oʻquv yurtlarida nepotizm holatlariga yoʻl qoʻyilayotgani, jumladan, yaqin qarindoshlarning bir joyda mehnat qilayotgani, tyutorlarning aksariyati oliy taʼlim muassasasidagi rahbarlik lavozimlaridagi shaxslarning yaqin qarindoshlari (akasi, ukasi va hokazo) ekanligi holatlari aniqlangani qayd etildi. Ayrim oliy taʼlim muassasalarida xodimlarni ishga olishda tanish-bilishchilik va qarindosh-urugʻchilikka yoʻl qoʻyilayotganligi, ustama va qoʻshimcha haqlarni belgilashda qarindoshlarga koʻproq mablagʻ toʻlashdek salbiy yondashuv bois ijtimoiy adolat mezonlari buzilayotganligi toʻgʻrisida Agentlikka murojaatlar kelib tushayotgani va ularning soni birmuncha oshganligiga alohida urgʻu berib oʻtildi.
Uchrashuvda bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish, korrupsiya va nepotizmga yoʻl qoʻymaslik, tizimda xolis, haqqoniy, ochiq va shaffof mexanizm yaratish xususida fikr almashildi.
Shuningdek, talabalar va oliy oʻquv yurti professor oʻqituvchilariga korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik, shunday vaziyat yuzaga kelganda qanday yoʻl tutish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati