Ma’lumki, davlatimiz rahbari huzurida joriy yilning 17 fevral kuni bojxona tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bojxona tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish eng ustuvor vazifa ekani, bu soha boshqa davlat idoralariga namuna bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda bojxona organlari xodimlarining “komplayens-nazorat tizimi” yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish mmaqsadida Davlat bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi o‘rtasida sayyor o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Tadbirda Agentlik mas’ul xodimi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va uning ustuvor yo‘nalishlari, ushbu yo‘nalishdagi xalqaro tajriba hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, boshqarma shaxsiy tarkibi o‘rtasidagi muhit, korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaradigan omillar hamda bojxona xodimlari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan salbiy holatlar aniq misollar orqali atroflicha muhokama qilindi.
Mashg‘ulot davomida korrupsion xavflar tendensiyalarini baholab borish hamda xodimlar o‘rtasidagi axloqiy-ruhiy muhitni yaxshilash maqsadida xodimlar bilan ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida boshqarmada korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish maqsadida kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shu o‘rinda bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlariga duch kelinganda Davlat bojxona qo‘mitasining qisqa “11-08” ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish qilish imkoniyati mavjudligini eslatib o‘tamiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati