Agentlik hamda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida 2022 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, “O‘zkimyosanoat” AJ tizimida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion omillarni o‘rganish va oldini olish maqsadida tizim korxonalarida korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan faoliyat yo‘nalishlari va lavozimlar ro‘yxati shakllantiriladi, shuningdek, mazkur xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
“O‘zkimyosanoat” AJ tizimiga nomzodlarni ishga qabul qilish, lavozimga tayinlashda korrupsion xavf-xatarlarni bartaraf etish maqsadida nomzodlarni ishga qabul qilish jarayoni ochiq tanlov asosida onlayn translyatsiya qilib boriladi.
Jamiyat tizimida xodimlarning belgilangan qonunchilik talablarini qo‘llay olishi, ularning professionalligi va tezkorligi hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllanganlik darajasini baholab borish uchun “Sirli mijoz” yoki “Sirli murojaatchi” monitoring tadbirlari tashkil etiladi.
Shuningdek, tizimdagi qonunbuzilishi holatlari va korrupsion jinoyatlar to‘g‘risida xabardor qilish mexanizmi (aloqa kanallari)ni yanada takomillashtirish choralari ko‘riladi.
“Maksam-Chirchiq” AJ misolida kimyo sanoatida sodir etilayotgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish bo‘yicha ish olib boriladi.
Bundan tashqari, tizim xodimlarining kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishi hamda ularda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etiladi va ularning ish faoliyati yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi orasida so‘rovnomalar o‘tkazilib, natijalari tahlil qilib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati