Mahalliy davlat organlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati bo‘yicha axborotlarini eshitish maqsadida tashkil etilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari yig‘ilishlarining navbatdagisi bugun Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Eshituvning asosiy mavzusi davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili bo‘ldi.
Nima uchun viloyatda mazkur yo‘nalishda korrupsion jinoyatlar salmog‘i yuqori, ushbu jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va muammolar nimada? Shu kabi muhim masalalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati, Milliy kengash a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda hududiy kengash a’zolari ishtirokida muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, viloyatda davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’eyetlar mansabdor shaxslari tomonidan eng ko‘p korrupsion jinoyatlar sodir etilmoqda. 2021 yil mobaynida Jizzax viloyatida ushbu yo‘nalishda korrupsiyaga oid 12 ta jinoyat ishlari bo‘yicha 17 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudlarga yuborilgan.
Muhokamalar jarayonida mas’ullar tomonidan davlat ulushi mavjud korxonalarning ko‘plab funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha takliflar tayyorlash taklifi ilgari surildi.
Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi bilan o‘zaro samarali aloqalarni yo‘lga qo‘ygan holda faoliyatni yanada jonlantirish, korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga qaratilgan takliflar tayyorlash bo‘yicha faollikni oshirish lozimligi qayd etildi.
Yakunda ushbu namunaviy eshituv tajribasi asosida korrupsiya ko‘p sodir bo‘layotgan sohalar va tizimlar bo‘yicha muntazam eshituvlarni tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati