Аksilkorrupsiya siyosatiga oid islohotlarning joylarda samarali tatbiq etish borasidagi ishlar ahvolini tahlil qilish maqsadida Qoraqalpogʼiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining navbatdagi yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Kun tartibidagi masala - hududdagi hokim oʼrinbosarlari faoliyati hududiy kengash aʼzolari tomonidan batafsil oʼrganilgani qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, hokim oʼrinbosarlari tomonidan 2021 yilda Respublika boʼyicha jami 36 ta korruptsiya bilan bogʼliq jinoyat sodir etilgan boʼlsa, shundan 9 tasi yoki har toʼrttadan bittasi Koraqalpogʼiston Respublikasi tuman va shahar hokimi oʼrinbosarlari hisobiga toʼgʼri kelmoqda. Mazkur jinoyatlarning 4 tasi yer ajratish, 4 tasi byudjet mablagʼlarini oʼzlashtirish va davlat mulkini talon-toroj qilish hamda 1 tasi kredit mablagʼlarini oʼzlashtirish bilan bogʼliqdir. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 3 mlrd. 793 mln. soʼmlik moddiy zarar yetkazilgan.
Yigʼilishda shu kabi korrupsion holatlar, ularning sabab va oqibatlari, oldini olish va bartaraf etish choralari ishtirokchilar eʼtibor markazida boʼldi.
Mavzu yuzasidan Respublika prokurori va Vazirlar Kengashi raisi oʼrinbosarining axboroti tinglandi.
Ular tomonidan tizimda hamon saqlanib qolayotgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish, tizimning ochiqligini taʼminlash va bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, keng jamoatchilik vakillarini jalb qilish masalalari yuzasidan rejalari maʼlum qilindi.
Shuningdek, yigʼilishda Hududiy kengash tomonidan olib borilgan oʼrganishlar natijasida korrupsiyaning oldini olish boʼyicha yetarli choralarni koʼrmagan bir qator tuman, shahar hokimlaridan tushuntirishlar olindi.
Yigʼilishda belgilangan vazifalar ijrosi qatʼiy nazoratga olinishi lozimligi bildirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Аxborot xizmati