Qashqadaryo viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining bugun boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida bank tizimidagi korrupsion holatlar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish yoʻllari muhokama etildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda bank sohasi respublikada eng koʻp korrupsiya jinoyatlari sodir etilayotgan tizimlardan biri boʻlib turibdi. Birgina Qashqadaryo viloyatida 2021-yilda bank tizimida faoliyat yuritgan 29 nafar shaxsga nisbatan 22 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan.
Xususan, ular tomonidan oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-taroj qilish, firibgarlik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, pora olish kabi jinoyatlar sodir etilgan.
Mazkur jinoyatlarga qoʻl urganlarning 4 nafari viloyat, 25 nafari tuman va shahar darajasidagi bank xizmati xodimlari hisoblanadi.
Bunday korrupsiyaviy holatlarga nimalar sabab boʻlmoqda, mavjud muammolarni qanday hal etish mumkin?
Mavzu yuzasidan viloyat prokurori, bank tizimi masʼullarining axboroti tinglandi.
Taʼkidlandiki, bank tizimidagi korrupsiyaviy holatlar bilan bogʻliq raqamlar viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini yanada takomillashtirish zarurligini yaqqol koʻrsatib turibdi. Buning uchun har bir boshqarma va idoralar oʻz faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqishi lozimligi qayd etildi.
Muhokamalar mobaynida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har oy yuritib kelinayotgan korrupsiya darajasini reyting baholash natijalarida ham Qashqadaryo viloyati boshqa hududlar bilan taqqoslaganda korrupsiya darajasi boʻyicha yuqori oʻrindarda turgani qayd etildi.
Jumladan, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish koʻrsatkichi boʻyicha viloyat oʻtgan 3 oyda eng yuqori oʻrinlarda turibdi. Xususan, fevral oyida 45 ta jinoyat ishi bilan 1-oʻrinni, mart oyida esa 46 ta jinoyat ishi bilan 4-oʻrinni band etgan.
Shu kabi salbiy tendensiyalarni bataraf etish, viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida Agentlik tomonidan viloyat hokimligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi hamkorligida Qarshi tumanida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasi amalga oshiriladi.
Loyihani amalga oshirish uchun 29 banddan iborat “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Yigʻilishda “Yoʻl xaritasi”ning asosiy yoʻnalishlari, undan oʻrin olgan maqsad va vazifalarni oʻz vaqtida, sifatli amalga oshirilishini taʼminlash masalalari atroflicha muhokama etildi. Har bir yoʻnalish boʻyicha masʼullar oʻz vazifalariga masʼuliyat bilan yondashishi lozimligiga alohida urgʻu berildi.
Eshituv soʻnggida muhokama etilgan masalalar yuzasidan aniq amaliy takliflar ishlab chiqilib, viloyatda aksilkorrupsiya siyosatiga oid islohotlarning hayotga samarali tatbiq etish yuzasidan aniq maqsad va vazifalar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati