Joriy yilning 6-iyun kuni Agentlik direktori hamda Jahon bankining ekspertlari Daniela Felman, Dmitro Kotlyar va Elbek Yusupovlar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Dastavval uchrashuvni Agentlik direktori A.Burxanov boshlab, xorijlik ekspertlarni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi oʻzgarishlar, jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash yoʻnalishida olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirib oʻtdi.

Bundan tashqari, Jahon banki ekspertlari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashda institutsional salohiyatni kuchaytirish” loyihasi haqida soʻz yuritildi.
Maʼlumot uchun: Bugungi kunga qadar mazkur loyiha doirasida daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashga oid seminarlar tashkil etildi, STaR loyihasi asosida deklaratsiya sohasida ilgari oʻtkazilgan tadqiqotlar boʻyicha materiallar taqdim etildi.
Joriy yilning 6-9-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan Missiya doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga aloqador boshqa vazirlik va idoralar bilan uchrashish koʻzda tutilgan.
Oʻz oʻrnida, xorijiy ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berilib, loyihaning koʻlamini kengaytirishga qaratilgan mexanizmlar ustida ishlanayotganligi taʼkidlandi.

Ishtirokchilar korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni tashkil etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, davlat xaridlari monitoringini takomillashtirish va bu boradagi korrupsion xavf-xatarlarni oʻz vaqtida aniqlash imkoniyatlarini oʻrganish, ushbu yoʻnalishdagi xalqaro tajriba bilan Agentlik, shuningdek, boshqa masʼul vazirlik va idoralar vakillarini tanishtirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar xususida oʻzaro fikr almashishdi.

Uchrashuv soʻnggida tomonlar samarali hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati