Joriy yilning 10-iyun kuni Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan maqsad-vazifalarga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Qonun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutadi.
Muhokamalar jarayonida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, jumladan, ochiq maʼlumot sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlarning ochiqlanishini buzganlik uchun belgilanayotgan javobgarlik masalasiga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, bunday huquqbuzarlik uchun nazarda tutilgan jazo choralari va ularni qoʻllash tartibi atroflicha muhokama etildi.
Muhokama yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati