Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov joriy yilning 15-iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxanani qabul qildi.
Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad Agentlik va BMT oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, Agentlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, istiqbolda amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalarni muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Muloqot davomida Agentlik rahbari xalqaro hamkorlarga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kechayotgan islohotlar jarayoni, qonunchilikdagi yangilik va oʻzgarishlar, xususan, davlat xizmatida halollik va ochiqlikni taʼminlashga qaratilgan normativ hujjatlar va joriy etilgan yangi mexanizmlar yuzasidan batafsil axborot berdi.
Jumladan, kuni-kecha qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonining davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiyatlarning ijro etilishi ahvolini monitoring qilish hamda baholab borishning kompleks tahliliga asoslangan tizimni yaratishdagi dolzarb ahamiyatiga toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalaridan kelib chiqib, yangi strategiyalarni amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etishda xalqaro tajriba, ekspertlarning taklif va tavsiyalari muhim oʻringa egaligi taʼkidlandi.
Oʻz oʻrnida, R.Astxana respublikamizdagi islohotlar va ularning samarasini yuqori baholab, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy oʻzgarishlar tegishli xalqaro reyting va hisobotlarda oʻz aksini topayotganini alohida eʼtirof etdi.
Uchrashuv yakunida korrupsiyaga qarshi kurashishning turli yoʻnalishlarida hamkorlikni davom ettirishga, jumladan, birgalikda yangi qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish orqali oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Roli Astxana BMT tomonidan turli yoʻnalishlarda ekspertlik va boshqa koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanligini bildirdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati