Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT)ning Iqtisodiy hamkorlik va boshqaruv boʻyicha maslahatchisi Eni Gyerdji oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Aytish joizki, Agentlik soʻnggi ikki yil davomida YXHTbilan davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, oʻtgan yili tashkilotning Iqtisodiy va ekologik faoliyat koordinatori idorasi bilan hamkorlik Memorandumi imzolanib, Xalqaro ochiq maʼlumotlar xartiyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlarning holati toʻgʻrisida yakuniy hisobot tayyorlanib, vazirlik va idoralar bilan muhokama qilindi.
Shu kabi samarali hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida bugungi uchrashuvda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha kelgusidagi hamkorlik yoʻnalishlari atroflicha muhokama etildi.
Muloqot avvalida Agentlik direktori mamlakatimizda ochiqlik siyosati korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi aynan ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash borasidagi islohotlar haqida xalqaro hamkorni xabardor qildi. Xususan, ochiqlik siyosatini taʼminlovchi mexanizmlar, shuningdek, jamoatchilik nazorati mexanizmlarining hayotga samarali joriy etilayotgani, raqamli va onlayn texnologiyalarning keng qoʻllanilishi davlat organlarining jamiyat oldidagi hisobdorligini yanada oshirayotgani xususida toʻxtalib oʻtdi.
E.Gyerdji oʻz oʻrnida respublikamizdagi islohotlarni yuqori baholab, YXHT bilan olib borilayotgan loyihalar ushbu soha rivojiga hissa qoʻshayotganligidan mamnunligini maʼlum qildi.
Tomonlar oʻzaro samarali hamkorlikni davom ettirish hamda amalga oshirilayotgan loyihalar koʻlamini kengaytirish masalalarida oʻzaro fikr almashdilar.
Muloqot chogʻida Agentlik direktori Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik uchun masʼul organlarning institutsional salohiyatini takomillashtirish va bunda YEXHTning eskpertlik, metodologik koʻmagi bundan keyin ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Shu maqsadda kelgusida davlat xizmatchilarining bilim va koʻnikmalarini oshirish, nodavlat notijorat tashkilotlari va jurnalist hamda blogerlarning ochiqlik borasidagi jamoatchilik nazorati faoliyatini qoʻllab quvvatlashga qaratilgan loyihalarni ishga tushirish, ilgʻor xorijiy tajriba asosida ochiqlik darajasini monitoring qilish boʻyicha elektron platformani ishga tushirish kabi dolzarb yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Ushbu taklif E.Gyerdji tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi.
Endilikda ikki tomonlama hamkorlik birgalikda amalga oshiriladigan yangi loyiha va rejalar bilan yanada rivojlantiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati