Joriy yilning 27-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Maʼlumki, joriy yil 24-iyun kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasiga qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shunga koʻra, joriy yil 25-iyun kunidan boshlab, mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi va bugunning eng muhim mavzusiga aylandi.
Davra suhbatida qayd etildiki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qoʻshma qarori bilan tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga oʻtgan bir oy davomida kelib tushgan 60 mingdan ortiq takliflar mamlakatimizda 2016-yildan boshlangan ochiqlik, oshkoralik siyosatining amaliy natijasi sifatida namoyon boʻldi.
Konstitutsiyaga bugungi kunda davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan aylangan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham bir qator muhim oʻzgartishlar kiritilmoqda. Tadbirda ayni yoʻnalishda nazarda tutilayotgan oʻzgarishlar va ularning ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashishning instutitsional asoslari va uning parlament bilan munosabatlari mutahkamlab qoʻyilmoqda. Xususan, parlamentning Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga karshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi Milliy maʼruzani koʻrib chiqish vakolati Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash toʻgʻrisidagi Farmonni Senat tomonidan tasdiqlash tartibi Konstitutsiyada belgilanmoqda.
Yangi loyihada korrupsiyaga qarshi kurashda eng muhim omil - ochiqlikni taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, har kim Internet jahon axborot tarmogʻiga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Shu bilan birga har bir fuqaroning hayotiga daxldor boʻlgan masala davlat byudjeti va qarzini shakllantirish hamda ijro etish tartibi ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshirilishi, fuqarolar hamda fuqarolik jamiyati institutlari uning ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan fuqarolik jamiyati institutlari va ularning tarkibi endilikda Konstitutsiyamizda aniq ochib berilmoqda. YAʼni, mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va shaxslarning boshqa jamoat birlashmalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi belgilanmoqda.
Davra suhbatida Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov tomonidan bu boradagi oʻzgarishlarning tub mohiyati va eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati