Joriy yilning 28 iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklari, shuningdek, BMTning Taraqqiyot dasturi hamkorligida «Yoshlar halolligi kuni» tadbiri tashkil etildi.
Unda mazkur tashkilot va idoralarning rahbariyati hamda mamlakatimizning turli hududlaridan yoshlar vakillari bevosita va onlayn tarzda ishtirok etdi.
Joriy yilda Agentlik hamda BMTTD qo‘shma tashabbusi bilan «O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rolini oshirish uchun fuqarolik makonini, ayollar va yoshlar ovozini mustahkamlash» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri fuqarolik jamiyati institutlari, ayollar nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy hamjamiyatlardan iborat korrupsiyaga qarshi fuqarolik makonini yaratish orqali jamiyatda halollikka bo‘lgan talabni shakllantirishdan iborat.
Shu tarzda xotin-qizlar va yoshlarning jamiyatdagi ovozi va rolini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
«Yoshlar halolligi kuni» mazkur loyiha doirasida yoshlarda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik munosabatini kuchaytirish, halollikni keng targ‘ib qilish orqali ularni ushbu illatga qarshi kurashishga faol jalb qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. Burxanov yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirish borasida Agentlik tomonidan amalga oshirilib kelinayotgan chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi qaror bilan tasdiqlangan «O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konseptsiyasini 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura bilan hamkorlikda 21 banddan iborat «Yoshlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtai nazarini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» ishlab chiqildi hamda Agentlik, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati tomonidan tasdiqlanib, ijrosi muntazam nazorat qilib kelinmoqda.
Tadbirning dastlabki -- «Halollik korrupsiyaga qarshi kurashishning asosi sifatida, shuningdek, mamlakatning korrupsiyaga qarshi siyosatida yoshlarning roli» mavzusidagi sessiyada ayni yo‘nalishdagi ishlar va ularning samarasi yuzasidan faol muloqot qilindi.
«Korrupsiya -- yoshlar nigohida» mavzusidagi navbatdagi sessiyada esa yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yosh avlod vakillarining bu boradagi taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati