Joriy yilning 1-iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasi hamkorligida “Korrupsiyaga oid statistik va tahliliy maʼlumotlarni shakllantirishdagi muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari masʼullari, ilmiy tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining Sustainable Development Goals (SDGs) 16.5.1 va 16.5.2 indikatorlari boʻyicha tahlilni amalga oshirish, boshlangʻich koʻrsatkichni aniqlash muammolari, korrupsiyaga oid statistik maʼlumotlarni shakllantirish va ochiq eʼlon qilishni idoralararo muvofiqlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davra suhbati davomida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning kompleks tahlilini amalga oshirishda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rolini kuchaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Bundan tashqari, sohaga oid ijobiy xorijiy tajribani tadbiq qilish, ayniqsa, zamonaviy innovatsion tahliliy va tadqiqot uslublarini amaliyotda qoʻllash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yakunda korrupsiyaga oid axborot-tahliliy va tadqiqot faoliyatni yanada takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati