Joriy yilning 23-iyun-13-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Savdo vazirligi tomonidan ayni shu mavzuda seminar tashkil etildi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura hamda Oliy sud xodimlari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻlgan idoralar xodimlarining iqtisodiy sohadagi korrupsiyaning oldini olish boʻyicha bilimlarini oshirish, bu borada xalqaro tajriba va amaliyotning ilgʻor yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, mavjud muammo va kamchiliklarni tahlil etib, aniq amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.
Shu maqsadda seminarda global korrupsiyaga qarshi boshqaruvning oʻziga xos xususiyatlari, ushbu illatga qarshi choralar va muammolar atroflicha muhokama etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashdagi samarali texnologiyalar va zamonaviy mexanizmlar, ularni amalga tatbiq etishning dolzarb ahamiyati xususida batafsil maʼlumot berildi.
Ishtirokchilar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Xitoy tajribasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Seminar mashgʻulotlari mobaynida xususiy sektordagi korrupsiya jinoyatlariga qarshi choralar ham koʻrib chiqildi.
Xitoylik mutaxassislar iqtisodiy poraxoʻrlik jinoyatlarini tergov qilishning muhim va asosiy jarayonlari, bu borada eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar yuzasidan oʻz tajribalari, shuningdek, xalqaro amaliyot bilan ham oʻrtoqlashdilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati