Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2022 yil 6 oyida davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari maxsus axborot portalida o‘tkazilgan xaridlari tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 6 oyi davomida qiymati 69 852,0 mlrd. so‘mlik 679 804 ta davlat xaridlari amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu davlat xaridalaridan 4 732,9 mlrd. so‘mlik 355 358 ta xaridlar elektron do‘kon, 1 208,7 mlrd. so‘mlik 34 347 ta xaridlar elektron auksion, 4 606,7 mlrd. so‘mlik 21 645 ta xaridlar kooperatsiya portali, 6 649,3 mlrd. so‘mlik 32 136 ta xaridlar eng yaxshi taklifni tanlash, 17 444,6 mlrd. so‘mlik 4 968 ta xaridlar tender, 7 701,0 mlrd. so‘mlik 52 779 ta xaridlar yagona yetkazib beruvchi va 27 508,8 mlrd. so‘mlik 178 571 ta xaridlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaklida o‘tkazilgan.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan masofaviy monitoring davomida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi bilan bog‘lik bir kator holatlar aniqlandi.
Masalan, ”Muza-Max” MCHJning amalga oshirilgan davlat xaridlari yuzasidan kelib tushgan murojaati o‘rganib chiqilganida, Angren shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan (lot raqami 98965) 771,4 mln. so‘mlik davlat xaridida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi aniqlanib, holat yuzasidan komissiyasining yig‘ilish bayonini bekor qilish bo‘yicha Angren shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga taqdimnoma kiritildi hamda qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.
Shuningdek, Qibray tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligi asosida 470,6 mln.so‘mlik issiq ovqat yetkazib berish bo‘yicha autsorsing xizmati uchun o‘tkazilgan tanlov (lot raqami 67659) hujjatlari o‘rganilganda, xarid komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 yanvardagi 16-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi” Nizom talablari buzilganligi, tanlov o‘tkazishda 3 nafar komissiya a’zolarining ishtirokisiz va xabarisiz ularning elektron raqamli imzosidan foydalangan holda sun’iy ravishda o‘tkazilganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan xarid komissiyasining qarori (yig‘ilish bayoni) va shu asosida tanlov g‘olibi bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan Qibray tuman tibbiyot birlashmasiga taqdimnoma kiritildi hamda qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan Paxtachi tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi (STIR 207317574) buyurtmachiligida “etender.uzex.uz” maxsus axborot portaliga 2022 yil 30 may-3 iyun kunlari 92351, 95444, 95735 va 95739-sonli lotlar bilan jami 902 792 047 so‘mlik tovarlar sotib olish uchun joylashtirilgan e’lon bo‘yicha davlat xaridi hujjat va ma’lumotlari o‘rganilganda, xarid komissiyasi tomonidan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10, 14, 23 va 42-moddalari hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi aniqlanib, holat yuzasidan komissiyasining yig‘ilish bayonini bekor qilish bo‘yicha Paxtachi tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2022 yil 10 iyun kuni “etender.uzex.uz” axborot portallari orqali 100145-sonli lot bo‘yicha qiymati 1 017 072 685 so‘mlik “A.Navoiy ko‘chasini iqlim sharoiti va shaharsozlik talablaridan kelib chiqqan holda bezash” ishlarini amalga oshirish bo‘yicha davlat xaridi;
–Toshkent shahar Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi tomonidan 2022 yil 7 iyun kuni “xarid.uzex.uz” axborot portallari orqali 100797-sonli lot bo‘yicha qiymati 1 mlrd. 349 mln. so‘mlik bemorlarni issiq ovqat bilan ta’minlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha davlat xaridi;
–O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan 2022 yil 30 may kuni “xarid.uzex.uz” axborot portallari orqali 95877 va 95879-sonli lotlar bo‘yicha qiymati jami 2 519 mln. so‘mlik futbol formasi sotib olish bo‘yicha davlat xaridi;
–Amu-surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan 2022 yil 15 may kuni “xarid.uzex.uz” axborot portallari orqali 88075, 87791, 87808 va 87789-sonli lotlar bo‘yicha qiymati jami 1 247 mln. so‘mlik elektrodvigatel joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridlarida buyurtmachilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10,14,23,42-moddalari va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlanib, buyurtmachi tashkilotga o‘tkazilgan davlat xaridini bekor qilish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi va o‘rganish jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati