Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyoti” mavzusida ikki kunlik seminar-trening boshlandi.
Unda 86 ta vazirlik va idoralar, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining korrupsiyaga qarshi ichki (komplayens) nazorat tuzilmalari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Maʼlumki, 2022-yil 12-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yagona mezon asosida baholash tizimi joriy etildi.
Qaror talablaridan kelib chiqib, baholashning birinchi bosqichida eksperiment tariqasida 24 ta tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholandi va keng jamoatchilikka eʼlon qilindi.
Mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 11-maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori esa bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim qadam boʻldi.
Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab, “E-Anticor.uz” elektron platformasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, ularning hududiy boʻlinmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholashni nazarda tutuvchi “E-Antikorrupsiya” loyihasi toʻliq ishga tushiriladi.
Agentlik tomonidan “Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri” (“past”, “oʻrta” va “yuqori” oʻlchovlarida) shakllantiriladi va Internet tarmogʻida ochiq eʼlon qilib boriladi. Har bir aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning tavsifi va darajasi, ularni bartaraf etish boʻyicha choralarni oʻz ichiga oluvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarini tuzish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Ushbu trening korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatida kutilayotgan shu kabi yangiliklar va ularning mohiyatini toʻliq tushuntirish, koʻp uchraydigan savollarni ochiq muhokama qilish, faoliyatni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishdagi muammolar va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashish hamda bu borada uslubiy yordam koʻrsatishni kuchaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Seminar-treningda mutaxassislar tomonidan reyting baholash yoʻnalishlari va indikator koʻrsatkichlarini tahlil qilish usullari va aniq mezonlari, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash elektron platformasidan foydalanish masalalari boʻyicha zarur maʼlumotlar, kerakli tavsiyalar berilmoqda.
Shuningdek, davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash tartibi, bu boradagi ilgʻor xorijiy tajriba va yutuqlarga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkaziladi.
Seminar-trening mobaynida Reyting baholashning dastlabki yakunlariga koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “yaxshi” deb topilgan davlat tashkilotlarining ijobiy ish koʻnikmalari qizgʻin muhokamalar markazida boʻlib, oʻzaro tajriba almashiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati