Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari faolligini oshirish, joylarda korrupsiyaning oldini olish bo’yicha belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning avgust-dekabr oylari davomida seminar mashg‘ulotlari tashkil etish belgilangan.
Ushbu seminarlarning dastlabkisi sohalar, hududlar va davlat idoralari kesimida korrupsiya darajasini reyting baholash tizimi mavzusida tashkil etildi.
Vazirlik va idoralar, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarning 200 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, reyting baholash tizimi korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng ko‘p duch keladigan hudud, soha va organlarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan manzilli choralar ko‘rishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun: Agentlik tomonidan reyting baholash uslubiyoti ishlab chiqilgan bo’lib, unda sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar, byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilishlar, korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi to‘g‘risida kelib tushgan murojaatlar, aholi o’rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalari hamda OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilayotganlik ehtimoli bo‘yicha e’lon qilingan xabarlar indikatorlar sifatida foydalaniladi.
Trening davomida Agentlik mas’ul xodimlari tomonidan ishtirokchilarga taqdimot tashkil etilib, reyting baholash metodikasi, indikatorlar, mas’ul vazirlik va idoralarning reytingni yuritishdagi vazifalari shuningdek, reyting baholash natijalari yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi va ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob berildi.
Tadbir yakunida hududiy kengash a’zolari tomonidan reyting baholash tizimini takomillashtirish hamda hududlarning reyting baholashdagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati