Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2022-yil iyul oyida davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari maxsus axborot portali orqali amalga oshirgan xaridlari tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, joriy yilning iyul oyi davomida qiymati 7 137,1 mlrd. soʻmlik 60 610 ta davlat xaridlari amalga oshirilgan boʻlib, ushbu davlat xaridlaridan 312,4 mlrd. soʻmlik 51 753 ta xaridlar elektron doʻkon, 81,9 mlrd. soʻmlik 4 186 ta xaridlar elektron auksion, 931,6 mlrd. soʻmlik 3 361 ta xaridlar eng yaxshi taklifni tanlash, 2 137,3 mlrd. soʻmlik 670 ta xaridlar tender va 5 581,9 mlrd. soʻmlik 33 525 ta xaridlar toʻgʻridan-toʻgʻri shaklda oʻtkazilgan.
Agentlik tomonidan oʻtkazilgan masofaviy monitoring davomida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilishi bilan bogʻliq bir qator holatlar aniqlandi.
Masalan, Parkent tuman xalq taʼlim boʻlimi buyurtmachiligida 200,0 mln. soʻmlik boʻyoq (kraska) sotib olish yuzasidan oʻtkazilgan (lot raqami 121251) davlat xaridida Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunlar talablari buzilgan holda ishtirokchilarga raqobatga zid talablar qoʻyilganligi hamda takliflar oldindan eʼlon qilinmagan mezonlar (subyektiv) baholanishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlanib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 2022-yil 28-iyul kuni taqdimnoma kiritildi hamda shu kuni toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Parkent tuman xalq taʼlim boʻlimi tomonidan Agentlikning taqdimnomasi qanoatlantirilib, 2022-yil 5-avgust kuni xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilinishi taʼminlangan.
Shuningdek, “Maʼrifat markazi” binosidan foydalanish boʻyicha ixtisoslashtirilgan direksiyasi buyurtmachiligida (105655 va 106882-sonli lotlar) oʻtkazilgan 281,7 mln.soʻmlik davlat xaridi hujjatlari oʻrganib chiqilib, tanlovda xarid komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunlar talablari buzilgan holda xarid komissiyasining bir aʼzosi nomidan boshqa aʼzosi elektron imzo qoʻyganligi va boshqa holatlar aniqlaniib, xarid komissiyasining yigʻilish bayonini bekor qilish yuzasidan “Maʼrifat markazi” binosidan foydalanish boʻyicha ixtisoslashtirilgan direksiyasiga taqdimnoma kiritilib, qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan.
“Maʼrifat markazi” binosidan foydalanish boʻyicha ixtisoslashtirilgan direksiyasi tomonidan Agentlikning taqdimnomasi qanoatlantirilib, 2022-yil 6-iyul kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilinishi taʼminlangan.
Bundan tashqari, oʻtkazilgan masofaviy monitoringlar jarayonida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati mintaqaviy filiali buyurtmachiligida “etender.uzex.uz” maxsus axborot portaliga 2022-yil 16-iyul kuni 123254-sonli lot bilan joylashtirilgan 600,0 mln.soʻmlik eʼlonda buyurtmachi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunlarning talablari qoʻpol ravishda buzilgan holda xaridda ishtirok etgan va gʻolib deb topilgan jamiyatning taʼsischisi M.E ushbu davlat xaridi elektron savdosida ishtirok etgan “GBM” nomli jamiyatda bir paytning oʻzida rahbar ekanligi hamda affillanganlik holatlari mavjudligi holatiga baho berilmaganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish yuzasidan Agentlik tomonidan 2022-yil 25-iyulda buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan va xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilinishi taʼminlangan.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan oʻrganish jarayonida toʻplangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun 2022-yil 26-iyul kuni Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Shuningdek, Uychi tuman hokimligi tomonidan 7,2 mln soʻmga “kompyuter vositalari sotib olish” boʻyicha oʻtkazilgan davlat xaridi oʻrganilib, tanlovda ishtirok etgan talabgorlar oʻzaro affillanganlik holati aniqlanib, Uychi tuman hokimligiga 2022-yil 22-iyunda taqdimnoma kiritildi va hokimlik tomonidan taqdimnoma qanoatlantirilib, ushbu davlat xaridi boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilinishi taʼminlangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati