Joriy yilning 25-avgust kuni Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Agentlik hamda vazirlik xodimlaridan iborat Ishchi guruh uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda mazkur loyiha doirasida oʻtgan davr mobaynida olib borilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi maqsad-vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Maʼlumki, sogʻliqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6110-son Farmoni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishining tegishli qarori asosida hayotga tatbiq etib kelinmoqda.
Uchrashuv avvalida ushbu loyihani amalga oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan 2021-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” va unda belgilangan vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratildi.
Qayd etilganidek, Agentlik va Sogʻliqni saqlash vazirligi hamkorligida oʻtgan yil mobaynida sohada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan 26 ming dona targʻibot materiallari tayyorlanib, 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinika va shifoxonaning kirish joylarida joylashtirildi. Shuningdek, “Sogʻliqni saqlash xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid eslatma” tayyorlanib, tizim xodimlariga yetkazildi.
Sohadagi korrupsiyaga oid holatlar haqida tezkor xabar berish uchun “1203” qisqa raqamli “Ishonch telefoni” - Call-markaz tashkil etildi. Davlat tibbiyot muassasalarida byudjet mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish elektron shaklda amalga oshirish mexanizmi joriy etildi.
Bundan tashqari, 2021-yil davomida jami 10 ta xizmat turi toʻla elektron shaklga oʻtkazilib, tibbiyot muassasalarining pulli xizmatlariga toʻlovlarni “Clisk”, “Payme” kabi zamonaviy toʻlov turlari orqali amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi. “Elektron sogʻliqni saqlash” tizimi doirasida 16 ta yangi axborot tizimlari (“coronavirus.uz”, “Bemor”, “PZR-test”, “Audio skrining” v.b.) joriy qilinishiga erishildi. Tibbiyot muassasalarining pulli xizmatlariga toʻlovlarni “Cliсk”, “Payme” kabi zamonaviy toʻlov turlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Davolash-profilaktika muassasalarining tasdiqlangan pulli xizmatlari miqdori vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlandi.
Muloqot sogʻliqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2022-2023-yilllarga moʻjallangan ”Yoʻl xaritasi"da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan muhokamalar bilan davom etdi.
Xususan, tizimda zamonaviy boshqaruv (menejment)ni joriy qilish va tibbiyot xodimlarini korrupsiyaga qarshi bilimi, madaniyatini oshirish, shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimida “raqamli tibbiyot” va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi. Sohada korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha OAV va jamoatchilik nazorati vakillari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi bir qator muhim yoʻnalishlar doirasida amalga oshiriladigan ishlar ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuvda, shuningdek, “Korrupsiyasiz soha” loyiha doirasida amalga oshirishi lozim boʻlgan vazifa va topshiriqlar ijrosi, jumladan, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi faoliyati yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari tanqidiy tahlil qilindi.
Tadbir yakunida ushbu yoʻnalishlarda amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim chora-tadbirlar, aniq vazifa va maqsadlar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati