Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) tomonidan joriy yilning 8-9-sentabr kunlari Chexiya davlatining Praga shahrida “COVID-19 pandemiyasidan barqaror iqtisodiy tiklanish orqali YXHT hududida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash” mavzusidagi 30-Iqtisodiy va ekologik forumining yakuniy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda YXHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, COVIDdan keyingi davrda iqtisodiyotni barqaror tiklash masalalari koʻrib chiqildi, shuningdek, raqamli innovatsiyalar va yashil energiyani rivojlantirish boʻyicha Iqtisodiy va ekologik forum siyosati atroflicha muhokama qilindi.
Forumning “Barqaror iqtisodiy tiklanish va yashil oʻsish” nomli sessiyasida “Yaxshi boshqaruv va korrupsiyaga qarshi kurashishga koʻmaklashish boʻyicha samarali chora-tadbirlar” mavzusiga bagʻishlangan panelida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boshqarma boshlig'i A.Ergashev maʼruza bilan bevosita ishtirok etdi.

Agentlik vakili forum ishtirokchilariga Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat siyosati darajasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar xususida atroflicha maʼlumot berdi. Xususan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, barcha sohalarda raqamli va onlayn texnologiyalarning keng qoʻllanilishi natijasida davlat organlarining jamiyat oldidagi hisobdorligini yanada oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Jumladan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarga erishishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlangani va unda mazkur Konsepsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari faoliyatining shaffoflik darajasini oshirish va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish nazarda tutilganiga alohida urgʻu berildi.

Yigʻilish yakunida iqtisodiyotni barqaror tiklash, raqamli innovatsiyalar va yashil energiyani rivojlantirishda muloqot va hamkorlikni kengaytirish, har tomonlama xavfsizlikni taʼminlashda ekologik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash kabi bir qator masalalarda konseptual maqsad va vazifalar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati