Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlarining ochiqlikni taʼminlashga oid majburiyatlarga rioya etishi masofaviy monitoring tartibida muntazam oʻrganib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning III choragi yakuni boʻyicha davlat organlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilinishi oʻrganib chiqildi.
Natijalarga koʻra, monitoring qilingan 132 ta vazirlik va idoralardan 77 tasi tegishli axborot resurslarida eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlarning 50 foizdan yuqori koʻrsatkichlarda, qolgan 63 tasi esa yarmidan (50 foiz) kam koʻrsatkichlarda joylashtirgan.
Maʼlumot uchun: ochiq maʼlumotlarning 14 tasi barcha davlat organlari, 1 tasi hududiy hokimliklar va 20 tasi aniq belgilangan 12 ta vazirlik hamda idoralar tomonidan eʼlon qilib borilishi lozim.
“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 26-moddasida davlat xaridlarini rejalashtirish haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilib borish tartibi belgilangan.
Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son farmonida davlat organlari xarid qilinishi rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (6 oy oldin) oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borishi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.
Monitoringda 74 ta vazirlik va idoralar, 9 ta mahalliy hokimliklar ushbu maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilmagani maʼlum boʻldi.
Shu kabi kamchiliklarga farmonda belgilangan davlat xaridlari va xizmat avtomototransport vositalari, boshqa koʻchmas mulklar haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilinishida ham yoʻl qoʻyilgan.
Misol uchun, monitoring qilingan davlat organlarining 68 tasi davlat xaridlari toʻgʻrisidagi va 62 tasi xizmat avtomototransport vositalari hamda boshqa koʻchmas mulklar haqidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishini taʼminlamagan.
Qonunchilikka asosan, ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar davlat organlarining rasmiy veb-sayti bosh sahifasida alohida boʻlimga joylashtirish tartibi belgilangan.
Oʻtkazilgan monitoringda 88 ta davlat organi mazkur talabga toʻliq rioya etmagan boʻlsa, 37 tasida ushbu toifadagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytning bosh sahifasidan boshqa manzilga joylashtirgan.
Monitoring davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari koʻrilmoqda.
Joriy yilning 9 oyi davomida Agentlik tomonidan monitoring davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlariga 16 taqdimnoma va 40 ogohlantirish yuborildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati