Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Aksilkorrupsiya haftaligi"doirasida vazirlikda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Tadbirda Agentlik masʼul xodimi N.Samandarova mamlakatimizda joriy qilinayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining zamonaviy mexanizmlari, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmalari (komplayens nazorat) faoliyatining bugungi kundagi ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi.
Muloqotlar mobaynida vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish sho‘basi hamda uning hududiy bo‘linmalardagi vakillari tomonidan “komplayens-nazorat” (compliance control) tizimi asosida olib borilayotgan ishlar va ularning natijalari yuzasidan ham maʼlumot berildi.
Taʼkidlanishicha, vazirlikning Ichki audit xizmati va Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat sho‘basi mutaxassislari tomonidan joriy yil oktyabr oyida Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani xalq taʼlimi bo‘limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarda sohaga doir qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Tekshirish yakuni bo‘yicha tuman xalq taʼlimi bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan 2 mlrd. 351 mln. 580,5 ming so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
O‘rganishlar davomida tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan barcha o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.
Tadbirda vazirlik tizimida davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning samarali ishlatilishini taʼminlash, korrupsion xavf-xatarlar, moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan ham o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati