Davlat xaridlari sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2022-2023 yillarda mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
“Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra 2022 yil davomida quyidagi chora-tabirlar amalga oshirildi:
Birinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 276-son qarori qabul qilindi.
Mazkur nizom bilan davlat xaridlarini elektron shaklda o‘tkazishning umumiy qoidalari va shartlari, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida ishtirokchilarning asosiy benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishi to‘g‘risidagi talab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi, davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi Shartnomalarning yagona reyestrini yuritish qoidalari belgilanib, ushbu yo‘nalishdagi huquqiy bo‘shliqlar bartaraf qilindi.
Ikkinchidan, 2022 yil davomida davlat xaridlarida budjet mablag‘larini talon-toroj qilish hamda boshqa korrupsiya ko‘rinishlari bilan bog‘liq jinoyatlar kompleks tahlil qilindi. Tahlillarga ko‘ra, huquqbuzarliklar asosan tender xarid savdolarida hujjatlarni soxtalashtirish, mahsulotlarni sun’iy qimmat narxlarda sotib olish, xarid qilingan mahsulotlarni kirim qilmaslik va ish, xizmatlarni bajarmaslik, qo‘shib yozish yoki yetkazib bermaslik, tanlov o‘tkazmasdan, tanlovda ishtirok etmagan buyurtmachiga aloqador korxonalarni g‘olib deb topish yoki noqonuniy ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali sodir etilgan.
Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida Moliya vazirligi hamda Jahon banki vakillari bilan hamkorlikda davlat xaridlari sohasida korrupsion holatlarni (shubhali xaridlarni) aniqlovchi va shaffoflikni taminlovchi elektron platforma ishlab chiqildi.
Uchinchidan, davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi. Jumladan, davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshiruvchi normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o‘tkazilib, xatlov natijalariga ko‘ra tegishli takliflar tayyorlandi.
Mazkur takliflar asosida 2022 yil 9 noyabr kuni “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-244-sonli farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2023 yil 1 martdan:
– Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmasligi;
– vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlanishi belgilandi.
To‘rtinchidan, davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha maxsus o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi tomonidan 2022 yil davomida davlat buyurtmachilarining xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan mutaxassislarining 4 377 nafari tender (tanlash) savdolarini elektron shaklda o‘tkazish bo‘yicha malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.
Shuningdek, O‘quv markazi tomonidan yetkazib beruvchilar malakasini oshirish yuzasidan "Davlat xaridlari" bo‘yicha yetkazib beruvchilar uchun 26 soatdan iborat maxsus malaka oshirish kursi dasturi tasdiqlanib, ushbu kurslarda 400 nafardan ortiq yetkazib beruvchilar ishtirok etdi.
Bundan tashqari davlat xaridlarida “komplayens-nazorat” tizimini takomillashtirish bo‘yicha Agentlik tomonidan joriy yilning may, avgust, noyabr oylarida vazirlik va idoralarning korrupsiyaga qarshi ichki (komplayens) nazorat tuzilmalari rahbarlari uchun davlat xaridlarini o‘tkazish tartibi, davlat xaridlari jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuzasidan ikki kunlik seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Beshinchidan, davlat xaridlarining yanada ochiq va shaffof hamda korrupsiyadan holi bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan “2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat xaridlari tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi