Joriy yilning 11-oktabr kuni Misr Arab Respublikasi Maʼmuriy nazorat idorasi taklifiga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga tashrifi boshlandi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, ikki davlat rahbarining uchrashuvlarida mazkur yo‘nalishda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat.
Delegatsiya aʼzolari dastlabki kuni Misr Maʼmuriy nazorat idorasida bo‘lishdi.
Maʼlumot uchun: Maʼmuriy nazorat idorasi (ACA) – bu Davlat organlari ustidan maʼmuriy, moliyaviy nazoratni amalga oshiruvchi Misrning mustaqil nazorat organi. Tashkilot 1964 yilda tashkil etilgan. Misr Maʼmuriy nazorat idorasi korrupsiyaga qarshi kurashish, sohaga oid qonunchilik va boshqa mexanizmlarni ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi o‘qitish va kadrlarni tayyorlash, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha jamoatchilik xabardorligini oshirish, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiyani qilishga masʼul organ hisoblanadi.
Uchrashuvda ikki davlatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berildi, tashkilotlar miqyosida doimiy tajriba almashish mexanizmlarini ko‘rib chiqish hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy voqeasi tomonlar o‘rtasida idoralararo Memorandumning imzolangani bo‘ldi.
Mazkur memorandum kasbiy malaka oshirish kurslarini tashkil etish, tajriba almashish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha maʼlumot va professional materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma forumlar, seminar va treninglar o‘tkazish kabi bir qator muhim yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi.
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida aholini korrupsiyaga qarshi o‘qitish, ularning ommaviy axborot vositalari va halollikni targ‘ib qiluvchi kampaniyalar orqali xabardorligini oshirish bo‘yicha maʼlumot almashish yo‘lga qo‘yiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Akmal Burxanov va Misr Maʼmuriy nazorat idorasi rahbari Amr Adel Xosni mazkur kelishuv ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidlashdi.
Shundan so‘ng Agentlik vakillari uchun Misrda raqamlashtirish amaliyoti, aksilkorrupsiya idorasi faoliyatida qo‘llaniladigan elektron vosita va dasturlar, ulardan boshqa idoralar foydalanish imkoniyatlari, bu borada jinoyatchilikning oldini olish hamda unga qarshi kurashishda erishilayotgan yutuqlarga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati