Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga amaliy tashrifi 12-oktabr kuni ham davom etdi.
Avval xabar qilganimizdek, tashrifning dastlabki kuni delegatsiya aʼzolari Maʼmuriy nazorat idorasi bilan uchrashishdi hamda hamda tashrifning asosiy voqeasi tomonlar o‘rtasida idoralararo Memorandumning imzolandi.
Delegatsiya aʼzolari tashrifning navbatdagi kunida Misr Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi rahbariyati hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish muvofiqlashtirish qo‘mitasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchravuv doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish, sohaga oid strategiya va dasturlarni ijrosini monitoring qilish, Maʼmuriy nazorat idorasi xodimlari hamda boshqa davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan o‘qitish to‘g‘risida maʼlumotlar olindi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi tomonidan barcha davlat xizmatchilari uchun maxsus aksilkorrupsiya kurslari ishlab chiqilgani, prokuratura va sud organlari xodimlari uchun chuqurlashtirilgan o‘quv kurslar joriy etilgani maʼlum qilindi.
Uchrashuvda tomonlar memorandum doirasida qo‘shma loyiha ishlab chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining davlat xizmatchilari uchun xalqaro standartlarga asoslangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda Misr korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasini tashkil etishda metodologik va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shundan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish muvofiqlashtirish qo‘mitasi bilan uchrashuv doirasida Misr audit idorasi, Bosh prokuraturasi va Tashqi ishlar vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul rahbarlari bilan o‘zaro tajriba almashildi.
Muhokamalar davomida mazkur idoralarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, muvofiqlashtiruvchi organ bilan hamkorlik yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuv so‘nggida tomonilar hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda davlat xaridlari sohasida qo‘shma trening-seminar tashkil etish, shuningdek birgalikda tadbirlar uchun Misr delegatsiyasini O‘zbekistonga amaliy tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati